Talabalar uchun
UMUMIY MA’LUMOT
Axborot-kutubxona resurslari bilan xizmat ko‘rsatish bo‘limi
Oriental universiteti Axborot-kutubxona resurslari bilan xizmat ko‘rsatish bo‘limi 2022-yilda o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, universitetning ilmiy, ta’lim va madaniy hayotida markaziy o‘rin tutadi. Bo‘limning asosiy vazifasi foydalanuvchilarga o‘quv, ilmiy va badiiy axborot resurslarini yetkazish, shuningdek, ularni elektron va bosma shaklda ta’minlashdir.
Kutubxona fondi turli sohalarni qamrab oladi: iqtisodiyot, turizm, filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz, turk, koreys, arab va fors tillari), tarix, boshlang‘ich va maktabgacha ta’lim, pedagogika, psixologiya hamda jismoniy madaniyat. 2022-2025 yillar davomida kutubxonaning kitob fondi quyidagicha bo‘lgan: 2022-yilda jami 1 742 dona, 2023-yilda jami 3 448 dona, 2024-yilda jami 2 353 dona va 2025-yilda jami 1 474 dona bosma nashr mavjud bo‘lgan. Shu davr mobaynida kutubxonada jami 9017 dona bosma nashr jamlangan. Hozirgi kunda 1 400 nafardan ortiq foydalanuvchi kutubxona ro‘yxatidan o‘tgan.
Universitet kutubxonasi ikki funksional bo‘limni o‘z ichiga olgan zamonaviy bino, o‘quv zali, elektron resurslar telegram kanali, xizmat ko‘rsatish bo‘limi hamda 200 o‘rinli o‘quv zallari bilan ta’minlangan. Kutubxona foydalanuvchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish orqali ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Axborot-resurs markazi fondida universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan 100 nomdagi 700 nusxadan iborat darslik va o‘quv qo‘llanmalar mavjud bo‘lib, ular elektron shaklda ham taqdim etilgan. Umumiy kitob fondi o‘zbek, rus va chet tillaridagi 9 017 bosma nashrni o‘z ichiga oladi. Shulardan 499 tasi ilmiy adabiyotlar bo‘lib, 3 290 tasi badiiy asarlar hisoblanadi. Darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar esa jami 5 228 ta bo‘lib, universitetning ilmiy va ta’limiy hayotini boyitishda muhim poydevor vazifasini bajaradi.
Kutubxonaning noyobligi shundaki, Akademik Bo‘riboy Ahmedovning shaxsiy kutubxonasidan olib kelingan 2 000 nusxadan iborat noyob adabiyotlar mavjud. Ushbu to‘plamda fors, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkiy va arab tillaridagi XVIII-XX asrlarga oid sharq qo‘lyozmalari va qimmatli kolleksiyalar jamlangan. Mazmun jihatidan bu to‘plam juda xilma-xil bo‘lib: tarix, geografiya, O‘rta Osiyo tarixi, huquq, filologiya, falsafa va tilshunoslik sohalariga oid qo‘lyozma hamda toshbosma asarlarni o‘z ichiga oladi.
O‘quv zallarida foydalanuvchilar elektron telegram kanal orqali 5 000 nusxadan ortiq elektron o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlardan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, Internet orqali global elektron ma’lumotlar bazalariga – Web of Science, Springer Nature, Unilibrary, EBSCO va Uzbekistan Milliy ma’lumotlar bazasiga kirish imkoniyati mavjud. Bu resurslar universitetning ilmiy-tadqiqot salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Hozirgi kunda Axborot-kutubxona resurslari bilan xizmat ko‘rsatish bo‘limida 3 nafar malakali xodim faoliyat olib bormoqda. Ularning professional yondashuvi kutubxonaning sifatli xizmatlarini ta’minlash, foydalanuvchilarning ilmiy va ta’lim ehtiyojlarini qondirishda muhim rol o‘ynaydi.