“Kelajakka qadam” dasturi ishga tushdi
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qarori bilan OTM bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashuvchi dastur joriy etiladi.
Oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilarining ishga joylashtirishiga ko‘maklashishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi:
▪️ o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagi bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari uchun biznes g‘oyani tayyor loyihagacha olib borish jarayonida to‘liq hamrohlik qilish, shu jumladan, qulay shartlarda moliyalashtirish;
▪️ oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish.
Mazkur jarayonda:
- salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, xususan, yirik korxonalarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlash va mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
- tanlov g‘oliblarini salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar buyurtmasiga ko‘ra individual kasbiy ta’lim dasturlari asosida kasbga dastlabki tayyorlash tadbirlari moliyalashtiriladi;
- individual kasbiy ta’lim dasturlarida, ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot o‘tash va chet eldagi oliy ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.
Yuqoridagi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori ijrosini ta’minlash uchun 2025-yil 20-mart kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida O‘zbekiston milliy bank AJ “Kelajakka Qadam” markazi hamda Oriental universiteti o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu kelishuv doirasida, avvalo, universitet bitiruvchi talabalarining mehnat bozorida muvaffaqiyatli ish topishlari va professional rivojlanishiga keng imkoniyatlar yaratilishi reja qilinmoqda.
Mazkur hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh mutaxassislarning salohiyatini yanada oshirish, amaliy ko‘nikmalar va tajriba almashinuvi jarayonlarini rivojlantirish, shuningdek, bandlik masalalarini hal etishdir. Tomonlar birgalikda o‘quv-amaliy dasturlar, professional master-klasslar, treninglar va amaliyot dasturlarini tashkil etish orqali bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlashga e’tibor qaratadilar.
Ushbu kelishuvdan kutiladigan natijalar quyidagicha:
• Ishga joylashish imkoniyatlarining kengayishi: Bitiruvchilarga mos bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumot berish, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatlari yaratish.
• Malaka oshirish: Tadbirlar, master-klasslar va seminarlar yordamida mehnat bozorining zamonaviy talablari haqidagi bilim va ko‘nikmalarni egallash.
• Innovatsion yondashuv: “Kelajakka Qadam” markazi orqali zamonaviy texnologiyalar va innovatsion g‘oyalardan foydalanish madaniyatini rivojlantirish, yoshlar ijodkorligi va ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash.
Shu tariqa, O‘zmilliybank AJ “Kelajakka Qadam” markazi hamda Oriental universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik kelishuvi bitiruvchi talabalarga ko‘maklashish hamda ularning kelgusidagi kasbiy faoliyati uchun mustahkam poydevor yaratish yo‘lida muhim qadamlardan biri hisoblanadi.