Bugungi globallashuv davrida milliy qadriyatlar va ekologik barqarorlik masalalari tobora dolzarb tus olayotgan bir paytda, yurtimizning intiluvchan yoshlari xalqaro maydonlarda yurtimiz sha’nini munosib himoya qilmoqda.
Shunday bilimli va izlanuvchan yoshlardan biri Oriental universitetining Filologiya fakulteti “Arab tili” ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Dilshodbek Mahmudov bo‘lib, u “Buyuk meros: tarix, madaniyat va milliy qadriyatlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi miqyosida o‘tkazilgan “Vatan iftixori” nomli xalqaro ko‘rik-tanlovda munosib ishtirok etdi.
Talabamiz “Yashil kelajak yo‘lida: O‘zbekiston uchun ekologik barqarorlik va iqtisodiy imkoniyatlar” nomli maqolasi orqali O‘zbekistonning ekologik siyosati, barqaror rivojlanish maqsadlari hamda tabiatga e’tibor yo‘lidagi muhim tashabbuslarini ilmiy-nazariy asosda yoritib berdi.
Dilshodbekning tanlovdagi faol ishtiroki e’tirof etilgan holda“Scientific academy” tomonidan“Vatan iftixori” esdalik nishoni va maxsus guvohnoma bilan taqdirlandi. Shuningdek, talabamizning dozlarb maqolasi konferensiya materiallari to‘plamida chop etildi.
Talabamiz Dilshodbek Mahmudovga ilmiy izlanishlarida bardavomlik, yuksak parvoz va muvaffaqiyatlar tilaymiz!