Oriental University — Header

JAHON CHEMPIONLARIGA GRANT VAUCHERLARI TOPSHIRILDI!

Bugun Oriental universitetida yurtimiz sport sohasining yetuk va taniqli vakillari — O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo boks federatsiyasi vitse-prezidenti Saken Po‘latov, O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev, bosh kotibi Mirshohid Tillaboyev, O‘zbekiston sport bosh boshqarmasi rahbari Sardor Tashxo‘jayev hamda Olimpiada o‘yinlari g‘olibi, jahon chempioni Isroil Madrimovlar universitet mehmoni bo‘lishdi. Tashrif avvalida Oriental universiteti rektori Nozim Mamataxunov ishtirokida uchrashuv o‘tkazilib, sportga qaratilayotgan e’tibor hamda universitetda “Jismoniy tarbiya” fakulteti keng qamrovda faoliyat olib borayotgani ta’kidlandi. Yakunda sport sohasidagi hamkorlik va kelgusidagi maqsadlar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Oriental universitetining “Sport faoliyati va faoliyat turlari” magistratura mutaxassisligiga boks sporti bo‘yicha ko‘p karra Osiyo va jahon chempionlari — O‘zbekiston boksi faxri Fazliddin Erkinboyev, Jahongir Zokirov, Aziza Zokirova, shuningdek, dzyudo sport turi bo‘yicha Osiyo chempionatlari sovrindorlari Muhiddin Tilovov va Obitxon Nomonov grant asosida qabul qilinganidan xabaringiz bor. Yurtimiz sportining yetuk va taniqli vakillarining sharafiga uyushtirilgan tashrif doirasida, universitet rahbariyati ushbu faxrli magistrantlarimizga Grant vaucherlarini tantanali ravishda topshirdi.

Oriental universitetida tashkil etilgan tantanali tadbir doirasida Boks federatsiyasi rahbariyati va faxrli yosh sportchilarimizning murabbiylari ham universitet tomonidan tayyorlangan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangan holda ularning fidoyiligi va yutuqlari e’tirof etildi. Bunday tashabbuslar yosh avlodni sport va ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, ularni xalqaro maydonda mamlakatimiz nomini munosib ifodalashga ruhlantiradi.