
Janubiy Koreyaning Dongduk universiteti o‘rtasida rasmiy hamkorlik memorandumi (MoU) imzolandi!
Bugun Oriental University hamda Dongduk Women’s University o‘rtasida rasmiy hamkorlik memorandumi (MoU) imzolandi. Mazkur hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida uzoq muddatli va barqaror akademik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi. Memorandumga muvofiq, 2026-yil sentyabr oyidan boshlab talabalarni Exchange Program asosida Janubiy Koreyaga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu dastur doirasida talabalar o‘quv jarayonining muayyan qismini hamkor universitetda davom ettirish, kreditlarni o‘zaro tan olish hamda xalqaro akademik tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.




Hamkorlik yo‘nalishlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
– talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi;
– qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminar va mahorat darslarini tashkil etish;
– innovatsion va fundamental ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish;
– akademik nashrlar va tadqiqot natijalarini o‘zaro almashish.Mazkur memorandum ikki tomonlama ta’lim va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini oshirish hamda global ta’lim makonida samarali integratsiyani ta’minlashga xizmat qiladi.


