Oriental University — Header

MARMARA UNIVERSITETI BILAN HAMKORLIK YANGI BOSQICHDA!

Oriental universiteti delegatsiyasining Turkiya safaridagi navbatdagi manzili Istanbul shahrining eng qadimiy va nufuzli ilm maskanlaridan biri — Marmara universiteti bo‘ldi. Ushbu tashrif doirasida Oriental universiteti rektori Nozim Mamataxunov hamda Marmara universiteti rektori, professor Mehmet Emin Okur boshchiligida ikki oliy ta’lim muassasasi rahbarlari va delegatsiya a’zolari o‘rtasida samimiy va mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish, birgalikda xalqaro miqyosdagi ilmiy va ta’limiy loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma konferensiyalar va ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘quv jarayonlarida ilg‘or tajribalarni joriy etish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Shuningdek, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida qo‘shma amaliyot va stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

Ma’lumot o‘rnida, Marmara universiteti Turkiyaning eng yirik va qadimiy davlat oliygohlaridan biri bo‘lib, 1883-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda mazkur nufuzli ilm maskanida 80 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ushbu uchrashuv esa O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ta’lim hamkorligini yanada mustahkamlash, ilm-fan sohasida yangi istiqbollarni ochish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

ORIENTAL MATBUOT XIZMATI