
ORIENTAL UNIVERSITETI DELEGATSIYASI OMAN SULTONLIGIDA!
Oriental universiteti rektori boshchiligidagi delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasining Oman Sultonligidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Abdusalom Xatamov bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida Oriental universiteti va Omandagi Sulton Qobus til o‘qitish instituti o‘rtasida hamkorlikni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan kelishuvga erishdilar. Uchrashuvda ta’lim sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, xorijiy tillarni o‘qitish yo‘nalishida tajriba almashish hamda akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, universitet delegatsiyasi Sulton Qobus til o‘qitish institutiga tashrif buyurib, u yerda o‘qituvchilar va talabalar uchun yaratilgan ta’lim sharoitlari, o‘quv jarayoni hamda metodik ta’minot bilan yaqindan tanishdi.



Tashrif doirasida tomonlar o‘rtasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi:
- o‘qituvchi va talabalar almashinuvini tashkil etish;
- xorijiy tillarni o‘qitish metodlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish;
- Oriental universitetida Oman, Kuvayt, Qatar, Germaniya va Angliya kabi davlatlardan yetakchi mutaxassislar ishtirokida Toshkent shahrida “Xorijiy tillarni o‘qitishda zamonaviy metodlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish.
Mazkur kelishuvlar Oriental universitetining xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish hamda xorijiy tillarni o‘qitishda ilg‘or tajribalarni joriy etishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.




