
“AXSIKENT” XALQARO ILMIY-TADQIQOT JAMOAT ASSOTSIATSIYASI BILAN HAMKORLIK MEMORANDUMI!
Oriental universiteti hamda “Axsikent” Xalqaro ilmiy-tadqiqot jamoat assotsiatsiyasi o‘rtasida konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish hamda rivojlantirish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum tomonlar o‘rtasida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va amaliy faoliyatni uyg‘unlashtirish, milliy tarixiy-merosni chuqur o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli hamkorlik yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.



Xususan, memorandumga muvofiq, universitet va assotsiatsiya quyidagi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi:
- Axsikent tarixi, O‘zbekistondagi boshqa tarixiy maskanlar hamda tarixiy shaxslar faoliyatini o‘rganishga qaratilgan hamkorlikdagi grant loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- Farg‘ona vodiysining arxeologiyasi, hunarmandchiligi, shaharsozligi, geografiyasi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish;
- Oriental universiteti kafedralari va ilmiy markazlari hamda Xalqaro ilmiy-tadqiqot jamoat assotsiatsiyasining tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida alohida hamkorlik shartnomalarini imzolash;
- Axsikent arxeologiyasi, tarixi va manbashunosligi yo‘nalishlarida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
- O‘zbekistonda ichki va xalqaro turizmni rivojlantirish borasida ilmiy-amaliy hamkorlikni amalga oshirish;
- Xalqaro ilmiy-amaliy aloqalar doirasida ilmiy asarlarni tarjima qilish va nashr etish bo‘yicha hamkorlik qilish;
- Sohaga oid dolzarb muammolarni o‘rganish va amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini baholashga qaratilgan monitoringlar, sotsiologik tadqiqotlar, shuningdek, ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar, treninglar, davra suhbatlari, ma’ruzalar va ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish;
- Ilmiy nashrlarni yo‘lga qo‘yish, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;
- Tomonlarning mutaxassis xodimlari o‘rtasida kasbiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish.
Mazkur memorandum Oriental universiteti va “Axsikent” Xalqaro ilmiy-tadqiqot jamoat assotsiatsiyasi o‘rtasida ilm-fan, ta’lim va madaniy merosni o‘rganish sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.


Teglar:oriental universiteti


