Oriental University — Header

MUDOFAA VAZIRLIGI MARKAZIY HARBIY OKRUG QO‘MONDONLIGI BILAN HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI!

Oriental universiteti rahbariyati — asoschi va rektor Nozim Azizovich Mamataxunov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Farrux Xudoyberdiyev hamda rektorning umumiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Sunnatullo Muxiddinov O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligiga rasmiy tashrif buyurdilar. Tashrif davomida delegatsiya mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Markaziy harbiy okrug faoliyati bilan tanishtirildi. Muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida rasmiy hamkorlik memorandumi imzolandi va bu mazmunli hamda uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishiga asos bo‘ldi.

Imzolangan memorandumga muvofiq, quyidagi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvga erishildi:

• Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ilmiy-amaliy hamkorlik;
• Harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim dasturlarini rivojlantirish maqsadida psixologiya va gumanitar fanlar yo‘nalishlarida amaliy hamkorlik;
• Ta’lim dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, davlat grant loyihalarida hamkorlikda ishtirok etish;
• Talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashish hamda kasbiy malakani oshirishga qaratilgan amaliy seminarlar, konferensiyalar va ilmiy kengashlar tashkil etish;
• Ilmiy tadqiqotlar bilan harbiy amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish.

Mazkur hamkorlik Oriental universitetiga mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shish, akademik va harbiy sohalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda davlatning strategik maqsadlariga mos innovatsion loyihalarda faol ishtirok etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.