
Oriental universiteti professor-o‘qituvchilari O‘mon sultonligida
Bugun O‘zbekiston va O‘mon sultonligi o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlik misli ko‘rilmagan sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Bu hamkorlik natijasi o‘laroq, ayni damda Oriental universitetining «Sharq tillari» kafedrasi professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya Sulton Qobus nomidagi Arab tilini o‘qitish institutida malaka oshirmoqda. Ushbu nufuzli dastur doirasida o‘qituvchilarimiz nafaqat arab tilining nozik jihatlarini chuqur o‘rganmoqdalar, balki ikki xalq madaniyatining mushtarak jihatlarini anglab, xalqlarimizni yaqinlashtiruvchi ruhiy-madaniy qadriyatlar bilan tanishmoqdalar.






Mazkur malaka oshirish doirasida ustozlarimiz “Ona tili bo‘lmaganlarga arab tilini o‘rgatish: so‘zlashuv malakasini takomillashtirish – xalqaro tajriba almashinuvi” mavzusida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro forumda ishtirok etdilar. Forum davomida turli davlatlardan tashrif buyurgan ekspertlar bilan ilmiy-maslahiy muloqotlar olib borilib, til o‘rgatishdagi yangi yondashuvlar xususida fikr almashildi.



Shuningdek, universitetimiz vakillari O‘mon Sultonligi Ta’lim va tarbiya vazirligi huzuridagi Arab tili o‘qituvchilarining kasbiy malakasini oshirish markazida bo‘lib, ikki tomonlama hamkorlikning yana bir amaliy qadamini tashlashdi. Ular O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro maydondagi ochiqligi va ishonchli hamkorlikka tayyorligini namoyon etgan holda yurtimiz delegatsiyasi nomidan esdalik sovg‘alar topshirishdi.


