Oriental University — Header

MALATYA İNÖNÜ UNIVERSITETI DELEGATSIYASI ORIENTALDA

Bugun Oriental universitetiga Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri Malatya İnönü universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida universitet rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Nusret Akpolat, rektor o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Ali Özer, universitet dekani, tibbiyot fanlari doktori, professor Mehmet Aslan hamda Xalqaro aloqalar bo‘yicha koordinator, falsafa doktori (PhD) Ahmet Turan mehmon bo‘lishdi. Tashrif davomida Oriental universiteti rektori Nozim Mamataxunov boshchiligida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ilmiy-tadqiqot faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda maqsadli loyihalarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan muzokaralar tashkil etildi. Turkiyaning Malatya İnönü universiteti delegatsiyasining Oriental universitetiga tashrifi mobaynida mehmonlarga universitetning zamonaviy o‘quv va ilmiy infratuzilmasi, Axborot-resurs markazi faoliyati hamda yaratilgan keng imkoniyatlar yaqindan tanishtirildi. Ma’lumot uchun, Malatya İnönü universiteti 1975-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 35 mingdan ortiq talabaga ega va Turkiyaning tibbiyot sohasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi.

ORIENTAL MATBUOT XIZMATI