
TURKIYA BILAN HAMKORLIK: ORIENTALDA TÖMER MARKAZI OCHILMOQDA!
Oriental universitetida Turkiyaning Recep Tayyip Erdoğan universiteti vakillari – O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, professor Nebi Gümüş, universitet Kotibiyat mudiri Dr. Adnan Er hamda Turk tili va adabiyoti bo‘limi professori, Dr. Orhan Kemâl rasmiy tashrif bilan mehmon bo‘lishdi. Uchrashuv avvalida tomonlar ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni kengaytirish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda madaniy almashinuv dasturlarini ko‘paytirish masalalarida fikr almashdilar. Muzokaralar yakunida esa Oriental universitetida TÖMER TEST MARKAZIni ochish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi va hamkorlik memorandumi imzolandi. TÖMER markazi orqali talabalar va professor-o‘qituvchilar turk tilini rasmiy sertifikat bilan tasdiqlash imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, talabalarga turk tilida chuqur bilim olib, xalqaro dasturlarda va turkiy universitetlarda ta’lim olish imkoniyatini oshiradi, madaniy almashinuv va integratsiya orqali ikki mamlakat o‘rtasida ilmiy va madaniy ko‘prik yaratiladi.






Oriental universitetiga Turkiyaning Recep Tayyip Erdoğan universitetidan tashrif buyurgan delegatsiya vakillari o‘quv jarayoni bilan ham yaqindan tanishdi. Mehmonlar, “Filologiya va tillarni o‘qitish (turk tili)” yo‘nalishi talabalarining dars mashg‘ulotlarida bevosita ishtirok etib, o‘qitish jarayonini kuzatdilar va talabalar bilan qisqa suhbatlar o‘tkazdilar. Shuningdek, professor Nebi Gümüş, doktor Adnan Er hamda professor Orhan Kemâl universitetimizda ochilishi rejalashtirilayotgan TÖMER test markazi uchun ajratilgan auditoriyalar bilan tanishtirildi. Mehmonlar yaratilgan sharoitlar, texnik imkoniyatlar va markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki rejalar bilan tanishdi.



Turkiyaning Recep Tayyip Erdoğan universiteti vakillarining Oriental universitetiga tashrifi samimiy muloqot va unutilmas madaniy uchrashuv bilan davom etdi. Mehmonlar uchun professor-o‘qituvchilar va talabalardan iborat ijodiy jamoamiz ikki xalqning tarixiy yaqinligi va etnik mushtarakligini aks ettiruvchi kuy-qo‘shiqlardan iborat konsert dasturini taqdim etdi. O‘z navbatida, qardosh turk birodarlarimiz ham milliy kuy-qo‘shiqlari bilan sahnaga chiqib, tadbirga yanada iliqlik baxsh etdi.






Ushbu madaniy almashinuv ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, yaqinlik va ruhiy uyg‘unlikning yana bir yorqin timsoli bo‘lib, barchada iliq taassurot qoldirdi.
ORIENTAL Matbuot xizmati


