
Talabalarimiz Malayziyaning Utara universitetida!
Oriental universitetining 12 nafar 4-tur grant talabalari Malayziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Universiti Utara Malaysia (UUM)da tahsil olishni boshladi. Bu imkoniyat talabalarimiz uchun xalqaro ta’lim muhitida bilim va tajribalarini yanada boyitish, yangi ilmiy hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish hamda dunyoqarashlarini kengaytirish uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Universitetimiz delegatsiyasini UUMda Xalqaro hamkorlik va aloqalar markazi direktori Dr. Ahmad Hisham Zainal Abidin hamda markaz vakillari samimiy kutib oldi. Uchrashuv davomida ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, talabalar almashinuvi dasturlari va kelgusidagi qo‘shma loyihalar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, talabalarimiz universitetning zamonaviy infratuzilmasi, ta’lim jarayoni, xalqaro dasturlar, ilmiy-tadqiqot imkoniyatlari hamda qo‘shimcha akademik resurslar bilan yaqindan tanishtirildi. Ularga o‘qish jarayoni davomida zarur bo‘ladigan barcha ma’lumotlar, maslahatlar va yo‘riqnomalar taqdim etildi. Malayziya kabi rivojlangan ta’lim muhitida tahsil olish talabalarimizga nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash, balki turli madaniyatlar bilan yaqindan tanishish, xalqaro tajribani o‘zlashtirish imkonini ham yaratadi.




