Oriental University — Header

Oriental universitetining milliy reytingdagi natijalari tahlil qilindi!

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Oliy ta’lim tashkilotlari Milliy reytingi doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar tarkibi soni nisbati bo‘yicha navbatdagi tahlil natijalari e’lon qilindi. Mazkur indikator oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi, ta’lim sifati hamda talabalarga individual yondashish imkoniyatlarini baholashda muhim mezonlardan biri hisoblanadi.

Tahlil amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshirilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2022-yil 24-yanvarda 3345-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan me’yoriy hujjatga muvofiq, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda bir professor-o‘qituvchiga 16 nafar, amaliy yo‘nalishlarda 15,8 nafar, tibbiyot yo‘nalishida 9,6 nafar, ijodiy yo‘nalishlarda 5,4 nafar, sport yo‘nalishlarida esa 11 nafar talaba to‘g‘ri kelishi belgilangan. Shuningdek, reytingni shakllantirish tartibi Adliya vazirligida 2026-yil 28-fevralda 3783-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Oliy ta’lim tashkilotlarining Milliy reytingini yuritish to‘g‘risidagi nizom” talablari asosida tashkil etilgan.

Hisob-kitoblar “Yagona milliy mehnat tizimi” (YaMMT) idoralararo axborot tizimi ma’lumotlari asosida amalga oshirilgan bo‘lib, unda oliy ta’lim muassasalarining asosiy ish joyi hamda ichki o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilari hisobga olingan. Ma’lumotlar 2026-yil iyun holati bo‘yicha shakllantirilgan bo‘lib, tahlilda respublika bo‘yicha 1 605 028 nafar talaba va 61 088 nafar professor-o‘qituvchi haqidagi ma’lumotlardan foydalanilgan.

Reytingda professor-o‘qituvchilar va talabalar nisbati talabalar sonini professor-o‘qituvchilar soniga bo‘lish orqali aniqlanadi. Ya’ni, bitta professor-o‘qituvchiga nechta talaba to‘g‘ri kelishi hisoblanadi va ushbu ko‘rsatkich asosida oliy ta’lim muassasalariga 6 ballik tizim bo‘yicha baho beriladi. Mazkur metodologiyada professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni qancha kam bo‘lsa, universitetning reytingdagi natijasi shuncha yuqori baholanadi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim oliy ta’lim muassasalarida fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar YaMMT bazasida aks etmagani sababli shtatdagi o‘qituvchilar soni nol ko‘rsatkich bilan qayd etilgan. Shu munosabat bilan agentlik professor-o‘qituvchilarni mehnat qonunchiligiga muvofiq rasmiy ishga qabul qilish zarurligini alohida ta’kidlagan.

Mazkur baholash metodologiyasi xalqaro tajribaga ham asoslangan. Xususan, OECDning Education at a Glance hisobotlari, Times Higher Education (THE) hamda QS World University Rankings reytinglarida qo‘llaniladigan Faculty–Student Ratio indikatori milliy reyting metodologiyasini ishlab chiqishda asosiy mezonlardan biri sifatida olingan.

Tahlil respublikadagi oliy ta’lim muassasalarini mulkchilik shakli, ta’lim yo‘nalishi, hududlar hamda me’yoriy talablarga muvofiqligi kesimida qamrab olgan. Reyting talablariga javob bermaydigan, jumladan, uch yildan kam faoliyat yuritayotgan yoki hali bitiruvchilari mavjud bo‘lmagan 22 ta oliy ta’lim muassasasi reytingdan chiqarilgan, shtat ma’lumotlarida nomuvofiqlik aniqlangan 12 ta oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha esa alohida tahlillar taqdim etilgan.

Shunday qilib, e’lon qilingan natijalar Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan amaldagi qonunchilik, Yagona milliy mehnat tizimi ma’lumotlari hamda OECD, THE va QS kabi nufuzli xalqaro reyting tizimlari metodologiyasi asosida tayyorlangan rasmiy tahlil hisoblanadi. Mazkur reyting oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar tarkibi va talabalar soni o‘rtasidagi mutanosiblikni baholash, ta’lim sifati hamda akademik salohiyatni aniqlashda muhim manba vazifasini bajaradi.