
Endi navbat Yevropaga!
Oriental universiteti xalqaro hamkorlik aloqalarini izchil kengaytirish, talabalarga dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlarini yaratish borasida muhim natijalarga erishmoqda. So‘nggi ikki yil davomida universitet yuzlab talabalarini 100 foizlik grant asosida Malayziya, Indoneziya va Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalariga yuborishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur dasturlar talabalarga xalqaro ta’lim muhitida bilim olish, xorijiy tajribani o‘rganish hamda kasbiy va shaxsiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ma’lumki, yaqinda Oriental universiteti rahbariyati Yevropaning qator nufuzli oliy ta’lim muassasalariga xizmat safari bilan tashrif buyurdi. Tashrif davomida hamkor universitetlarda ta’lim jarayonlarini tashkil etish tizimi, ilmiy-tadqiqot faoliyati, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma va xalqaro almashinuv dasturlari imkoniyatlari atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, ta’lim sifatini yanada oshirish hamda xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha qator muzokaralar olib borildi. Ushbu tashriflar natijasida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, 2026-yil sentyabr oyidan boshlab Oriental universiteti talabalari Polshaning nufuzli National-Louis University oliygohida talaba almashinuv dasturi asosida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Dastur doirasida talabalar Yevropa ta’lim standartlari asosida bilim olish, xalqaro akademik muhitda tajriba orttirish, xorijiy professor-o‘qituvchilar bilan ishlash hamda yangi madaniy va ilmiy muhit bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Mazkur tashabbus Oriental universitetining talabalarni global mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh va zamonaviy mutaxassislar sifatida tayyorlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamlaridan biri hisoblanadi. Universitet kelgusida ham dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish va talabalar uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlarini yanada ko‘paytirishni maqsad qilgan.


