
INDONEZIYA XUSUSIY OLIYGOHI BILAN ISTIQBOLDAGI HAMKORLIK!
Oriental universitetida Indoneziyaning Bogor shahrida joylashgan Pakuan universiteti (Universitas Pakuan, UNPAK) vakillari jumladan, Inson resurslari va moliyaviy ishlar bo‘yicha prorektor, doktor Sufrin Hannan, Iqtisodiyot va biznes fakulteti dekani, doktor Hendro Sasongko, Magistratura bo‘limining Ta’lim boshqaruvi bo‘yicha doktorlik dasturi o‘qituvchilari Dian Wulandari hamda Iswahyuningtyas Djais Bawi xonimlar tashrif buyurishdi. Tashrif davomida tomonlar o‘rtasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsion hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.



Xususan, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar, xalqaro konferensiyalar hamda amaliy seminarlar tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Uchrashuvda, shuningdek, ta’lim jarayoniga ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish, boshqaruv samaradorligini oshirish va xalqaro akkreditatsiya jarayonlarida hamkorlik qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.



Ma’lumot uchun: 1980-yilda tashkil etilgan Pakuan universiteti Indoneziyaning yirik xususiy oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, hozirgi kunda 20 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Universitet tarkibida Huquqshunoslik, Iqtisodiyot va biznes, Ta’lim, Ijtimoiy va gumanitar fanlar, Muhandislik, Matematika va tabiiy fanlar hamda Amaliy yo‘nalishlar (IT, soliq menejmenti, buxgalteriya hisobi) bo‘yicha bakalavriat va magistratura dasturlari faoliyat yuritadi.



ORIENTAL Matbuot xizmati


