Oriental University — Header

“Bitiruvchi – 2025”

Assalomu alaykum, ushbu muhtasham “Turkiston” san’at saroyiga tashrif buyurgan aziz ota-onalar, hurmatli mehmonlar, muhtaram professor-ustozlar va albatta, bugungi bayramona yig‘ilishimizning asosiy sababchilari bo‘lgan Oriental universitetining ilk qaldirg‘ochlari bo‘lmish ilmga chanqoq, maqsadlari ulug‘, zabardast bitiruvchi talaba-yoshlar!

Barchangizga Oriental universitetining ilk mevalarini kuzatish marosimi — ya’ni “Bitiruvchi – 2025” bayram tadbiriga tashrif buyurganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman va xush kelibsizlar, deb qolaman. Ilmga intilgan, zehni o‘tkir, tafakkuri keng odamlar barcha zamonlarda o‘z o‘rni va qadriyatiga ega bo‘lgan. Xuddi oltin tuproq ostida zanglamagani singari, oqilu donolar hamma vaqt el ardog‘i, e’tiborida bo‘lishini yaxshi bilamiz. Xuddi shunday, ilmga intiluvchi, o‘z ilmi va salohiyati bilan jamiyatga, xalqqa nafi tegadigan, yurtimiz bayrog‘ini turli jabhalarda yuksaklarga ko‘taradigan va Prezidentimiz tomonidan bot-bot takrorlanadigan buyuk maqsadlarimizdan bo‘lgan Uchinchi Renessans poydevorini qura oladigan kadrlarni yetishtirib chiqarish maqsadida, mamlakatimizda yaratilgan keng ko‘lamli islohotlar va imkoniyatlardan foydalangan holda, biz ko‘pchilik qatorida 2021-yilda o‘z oliy ta’lim muassasamizni yaqin insonlarimiz, ustozlarimiz va davlatimiz ko‘magida ochdik.

Ulkan mashaqqatlar, izlanishlar natijasida, mana, bugun biz mana shu davrada — ko‘zlari chaqnab, ilm nuri yuzlarida ko‘rinib turgan ilk bitiruvchi talabalarimizni kelgusi mustaqil hayotga kuzatmoqdamiz. Albatta, bu natijaga yurtboshimizning keng ko‘lamli ijobiy islohotlari, universitet jamoasining fidokorona mehnatlari va professor-o‘qituvchilarimizning ulkan bilim manbalari hisobiga erishdik desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Shunday kunlarga yetib kelishimizda o‘z hissalarini qo‘shgan barcha ishchi-xodimlar va professor-o‘qituvchilarimizga rahbariyat va ta’sischilar nomidan chin dildan chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.

Bugungi kunga kelib, universitetimiz ilk ochilganidan buyon qanchalik katta muvaffaqiyatlarga erishgani, qanday yangilanishlarga qo‘l urgani va boshqa barcha yutuqlari haqida barchangiz xabardorsiz. Shuning uchun bu haqda to‘xtalib o‘tirmayman. Shu fursatdan foydalanib, ushbu tadbirga tashrif buyurgan bitiruvchi talabalarimizning ota-onalarini ham farzandlarining umr yo‘li davomida bosib o‘tishi lozim bo‘lgan yana bir dovonni zabt etganlari bilan chin dildan tabriklab qolaman. Sizlarning farzandlaringiz, albatta, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, jamiyatni yaxshilikka, ilm olishga da’vat etadigan elita qatlam qatorida bo‘lishiga ishonamiz.

Yana bir e’tirof etiladigan masalalardan biri – biz sanoqli nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari ichida davlat namunasidagi diplomni bitiruvchilarimizga olib berishga muvaffaq bo‘ldik. Shu bilan birgalikda, ilk qaldirg‘ochlarimiz qatorida 11 nafar talabamiz imtiyozli (qizil) diplom olishdi. Shuningdek, o‘qish davomida chuqur ilm olib, ilmiy izlanishlarda faol ishtirok etib, turli tadbirlar va tanlovlarda faol qatnashgan 4 nafar talabamiz Navoiy nomli davlat stipendiyasiga, bir nafar talabamiz esa Bobur nomli davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lishdi. Bu yutuqlar alohida e’tiborga molikdir.

Yutuqlarimiz qatorida dunyoning 30 ga yaqin xalqaro universitetlari bilan olib borilayotgan hamkorliklar va buning natijasida 50 nafarga yaqin talabalarimiz dunyo tan olgan oliygohlarda tahsil olib kelayotganini ham alohida e’tirof etish lozim.

Men ushbu fursatdan foydalanib, bitiruvchi talabalarimizga bir qancha maslahatlarni bermoqchiman: Hayotingiz bu — bitta sahnadan iborat teatr emas. Ehtimol, siz ayni vaqtda qaysi kasbni tanlash, qaysi ishga joylashish borasida qaror qabul qilishda bosimni his qilayapsiz. Zero, bunday holat bizning ham boshimizdan o‘tgan.

Avvalo, siz bugun ikkilanmang, xato qilishdan qo‘rqmang. Bugun qilayotgan ishingiz mutlaq emas. Bugungi va keyingi o‘n yillikda qiladigan ishingiz abadiy bo‘lib qolmaydi. Shunday ekan, yana bir bor aytaman: qaysi yo‘ldan yurishni tanlamang, ikkilanmang — shaxdam olg‘a yuring! Har bir bosgan yo‘lingiz siz uchun tajriba manbayi bo‘ladi. Faqat va faqat bitta narsa esingizdan chiqmasin — manzilingiz albatta sizni ezgulikka, yaxshilikka olib borsin. Shaxsan o‘zim ham 20–25 yoshimda tasavvur qilganimdek faoliyat yuritmaganman. Demoqchimanki, kelgusida kasbiy faoliyat borasidagi fikrlar o‘zgarib boraveradi. Lekin oliy maqsad — odamlarga yaxshilik qilish — o‘zgarmay qolishi lozim.

Sizga yana bir maslahatim — faoliyatingizning qaysidir bosqichida o‘zingiz hal qila olmaydigan muammolarga duch kelasiz. Bu sodir bo‘lganda, vahimaga tushmang. Nafas rostlang, vaziyat haqida yaxshilab o‘ylang va tajribali yaqinlaringizdan maslahat oling. Shunda eng qiyin muammolarning yechimini topasiz va o‘zingiz ham tajribali bo‘lasiz. Atrofingizga aqlli odamlarni to‘plang. Bular — hamkasb, kursdosh, sinfdosh, turli mutaxassislar yoki boshqa do‘stlaringiz bo‘lishi mumkin. Ular sizning boshqacha fikrlashingizga sabab bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, sizning atrofingizda bo‘lgan noto‘g‘ri fikr va yo‘lda bo‘lganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashdan, ularni to‘g‘ri fikrlashga da’vat qilishdan charchamang. Zero, sizning va bizning vazifamiz — insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashdir.

Biror narsani bilmadingizmi, bilganlardan so‘rashdan qo‘rqmang. Shuning uchun ham aytishadi-ku: “So‘rab o‘rgangan olim, so‘ramagan o‘ziga zolim”, deb. Mana, siz ta’limning yana bir bosqichini tugatdingiz. Kimingiz ta’limning keyingi bosqichida o‘qishni davom ettirasiz, kimingiz ish faoliyatiga sho‘ng‘ib ketasiz. Xullas, bugundan barchangizning yo‘lingiz har xil bo‘ladi. Bir jihatni unutmang – siz doim hayotga ta’lim sifatida qarang. Shunda hayotning o‘zi sizga ulkan bilimlar beradi.

Yana bir maslahat – doim jamiyat uchun muhim bo‘lgan muammolarni hal qilish yo‘lidan boring. Muammoni hal qilishga hissa qo‘shsangiz, u sizga kuch bag‘ishlaydi. Bu sizga o‘z ishingizni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq qilish imkonini beradi. Bu sizni yanada jiddiy va maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishga undaydi. Eng muhim maslahatlarimdan biri – do‘stlikni qadrlang. Yodingizda bo‘lsin: sizning yoningizdagi sinfdoshlar, kursdoshlar oddiy odamlar emas. Ular sizning kelajakdagi yordam beradigan manbalaringiz, maslahatgo‘ylaringiz bo‘lishadi.

Aziz bitiruvchilar, so‘zim so‘ngida sizga shuni aytmoqchiman: kelajak sizniki. Men ishonamanki, aynan siz yurtimizni va hatto butun dunyoni taraqqiyotga yetaklaydigan, buyuk ajdodlarimizning yo‘lini davom ettiradigan insonlarga aylanasiz.

Shuni unutmang – sizlar Uchinchi Renessans bunyodkorlarisiz.