
Oriental universiteti rektorining yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan universitet professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talabalariga yo‘llagan tabrigi!
Assalomu alaykum, hurmatli professor-o‘qituvchilar, qadrli xodimlar va aziz talabalar!
Avvalambor barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi hamda yangi 2025/2026 o‘quv yili boshlanishi bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Mustaqillik bizga erkin va farovon yashash, bilim olish, rivojlanish va yuksalish imkonini berdi. Bugun yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar ilm-fan va ta’lim tizimini ham tubdan yangilashga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda yoshlarga katta ishonch bildirilmoqda va siz aziz talabalar ertangi kunimizning bunyodkorlari sifatida bu ishonchni oqlash sharafli burchingizdir.
Oriental universiteti jamoasi ham yangi o‘quv yilini katta umidlar va ezgu maqsadlar bilan boshlamoqda. Bizning asosiy vazifamiz zamonaviy bilimlarga ega, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh, milliy qadriyatlarga sodiq mutaxassislarni tarbiyalashdir. Shu yo‘lda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, innovatsion ta’lim texnologiyalarini amaliyotga tadbiq etish va ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Yangi o‘quv yilida ham talabalarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratish rejalashtirilgan. Jumladan, ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, talabalarning xalqaro loyihalarda faol ishtirokini ta’minlash, xorijiy stajirovkalar va tajriba almashuv dasturlarini kengaytirish, shuningdek, ilmiy-amaliy tadbirlar, konferensiyalar va turli madaniy-ma’rifiy loyihalarni tashkil etish bizning rejalarimiz qatorida turadi.
Aziz 1-bosqich talabalari! Sizning bugungi quvonchingiz hayotingizdagi eng muhim bosqichlardan biri. Siz bilim olish yo‘lida Oriental universitetini tanlaganingizdan faxrlanamiz. Ishonchim komilki, siz bu dargohda nafaqat mustahkam bilim, balki hayotiy tajriba, sadoqat va fidoyilik maktabidan ham saboq olasiz.
Hurmatli professor-o‘qituvchilar va xodimlar! Sizning fidokorona mehnatingiz tufayli universitetimiz o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishib kelmoqda. Yangi o‘quv yilida ham birgalikda katta yutuqlarga erishamiz degan umiddaman.
Yana bir bor sizlarni yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etaman! Ushbu yil barcha uchun omad, ezgu niyatlar va yangi marralarni keltirsin. O‘qish va faoliyatingizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Oriental universiteti rektori
Nozim MAMATAXUNOV


