
Oriental universitetida navbatdagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Bugun Oriental universitetida “Innovatsion tadqiqotlarda O‘zbekiston tarixining dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Mazkur nufuzli ilmiy tadbirda tarixshunoslik sohasining yetuk vakillari, qator xorijiy olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi. Anjuman O‘zbekiston tarixining chuqur tadqiqi, ilmiy tahlili hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qildi. Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori, professor Dilorom Yusupova, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov hamda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi Sherali Qo‘ldoshev kabi yirik olimlar o‘zlarining chuqur ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.



Anjumanda Chexiya Respublikasi, Turkiya hamda Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarning tarixshunos olimlari, yetakchi universitetlar va ilmiy markazlar vakillari ham qatnashib, O‘zbekiston tarixi bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarga yuksak qiziqish bildirdilar. Ushbu xalqaro ishtirok anjumanning mavqeini yanada oshirib, O‘zbekiston tarixining jahon miqyosidagi o‘rni va ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.



Anjumanda yurtimizning qadimiy sivilizatsiyalardan tortib to mustaqillik yillarigacha bo‘lgan davrni qamrab oluvchi eng dolzarb tarixiy muammolar keng muhokama qilindi. Xususan, XVIII–XIX asr globuslarida O‘zbekistonning aks ettirilishi, mamlakatimizda topilgan xitoy iyerogliflarining tarixiy ahamiyati va diplomatik aloqalardagi o‘rni, shuningdek, Alisher Navoiy siymosining strateg va harbiy qo‘mondon sifatida yangi jihatlarda tahlil qilinishi anjuman ishtirokchilarining alohida e’tiborini qozondi.






Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman sho‘balar faoliyati doirasida davom etib, bunda o‘zbek davlatchiligi tarixining dolzarb jihatlari, arxeologik topilmalar va ularning ilmiy talqini, tarixiy manbalar tahlili va ularning tavsifi, O‘zbekiston etnologiyasi sohasidagi yangi yondashuvlar hamda tarix fanini o‘qitishda innovatsion va interfaol usullardan foydalanish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.


