
Talabalar teatr studiyasi tomonidan navbatdagi spektakl
Oriental universitetining “Obraz” Talabalar teatr studiyasi tomonidan o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandasi O‘tkir Hoshimov qalamiga mansub “Qatag‘on” dramasi asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi. Tarixning og‘ir damlari, taqdir sinovlari va inson ruhining matonatini aks ettiruvchi mazkur asar universitet teatr studiyasi rahbari Behzod Mirzayev rejissorligida, iste’dodli talabalar tomonidan mahorat bilan ijro etildi.






Asarning bosh qahramonlari hisoblangan Panji Jumanov obrazini talaba Muhammadqodir Murodov hamda Miskinov obrazini talaba Murodjon Mehmonqo‘ziyev mahorat bilan gavdalantirdi. Talabalarning kuchli emotsional ijrosi ayniqsa, qatag‘on qurboni bo‘lgan ota xotirasini eslash sahnasi tomoshabinlarni befarq qoldirmadi. Shuningdek, spektaklda Berdiyev obrazini Mashxurbek Mamirov, Hanifa obrazini Charos Jamolova, Valentin Aleksandrovich obrazini Zokir Nosirov, Omonov obrazini Samandar Zohidovlar ijro etib ular o‘z roli orqali qonli tarixiy davrni haqqoniy aks ettirishga muvaffaq bo‘lishdi. Oriental universitetining “Obraz” Talabalar teatr studiyasi tomonidan namoyish etilgan “Qatag‘on” dramasi asosida sahnalashtirilgan spektakl o‘zbek xalqining 1937-1938 yillardagi qatag‘on davri qiyinchiliklarini haqqoniy tasvirlash bilan tomoshabinlar qalbida kuchli his-tuyg‘ular uyg‘otdi. Postanovkaning dekoratsiyasi va kostumlar dizayni ham alohida e’tirofga loyiq. Tarixiy davrni aniq aks ettiruvchi ishlanmalar, o‘sha davrdagi haqiqiy buyumlar va kiyimlar spektaklning ta’sirini yanada kuchaytirdi. Spektaklda sahnadagi talabalarning ota-onalari ham bevosita ishtirok etishdi va bu hodisa tomoshaga alohida emotsional tus berdi.






Namoyish yakunida ota-onalar sahnaga chiqib, faxr bilan farzandlarini qutladilar. Bu lahzalarda yoshlar va katta avlod o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik, milliy qadriyatlar va tarixiy xotirani avaylash an’anasining davomiyligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Spektakl yakunida tomoshabinlar uzoq davom etgan olqishlar bilan ijrochilarni e’tirof etishdi.




