
TURKIYANING KIRIKKALE UNIVERSITETIGA TASHRIF!
Oriental universiteti delegatsiyasining Turkiya Respublikasiga uyushtirilgan navbatdagi tashrifi Kırıkkale universitetida bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida universitetimiz rektori Nozim Mamataxunov boshchiligidagi delegatsiya mazkur nufuzli ilm dargohida o‘tkazilgan “Xalqaro tadqiqotlar kongressi: Kuchli jamiyat – 2025” anjumanida ishtirok etdi.


Kongressda AQSh, Jazoir, Polsha, Indoneziya, Malayziya, Turkiya va boshqa mamlakatlardan taniqli olimlar, siyosatshunoslar va ijtimoiy soha vakillari qatnashdi. Ular zamonaviy jamiyat taraqqiyotida ilm-fan, ta’lim va innovatsiyaning o‘rni, global miqyosda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashning samarali mexanizmlari haqida ilmiy fikrlar almashdilar.

Anjumanda Oriental universiteti rektori Nozim Mamataxunov so‘zga chiqib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ilmiy islohotlar, oliy ta’lim tizimida xalqaro standartlarga asoslangan yangi yondashuvlar, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy diplomatiyani rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar haqida so‘z yuritdi. Uning nutqi ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.

Tashrif davomida Kırıkkale universiteti rektori professor Ersan Aslan bilan uchrashuv tashkil etildi. Muloqot jarayonida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy-akademik hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro konferensiyalarni birgalikda tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.


Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yishda muhim qadam bo‘ldi.


Oriental universiteti bugun ilm-fan va innovatsiyalarni xalqaro miqyosda rivojlantirish, O‘zbekiston ta’lim tizimini jahon akademik hamjamiyatiga yanada chuqurroq integratsiya qilish, yosh avlodni global fikrlash va ilmiy salohiyat ruhida tarbiyalash yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda.
ORIENTAL MATBUOT XIZMATI


