Oriental University — Header

ORIENTAL UNIVERSITETI DELEGATSIYASI TURKIYADA!

Ayni kunlarda Turkiyaning Rize provinsiyasida joylashgan Recep Tayyip Erdoğan universiteti mezbonligida milliy va xalqaro miqyosdagi nufuzli shaxslar ishtirokida “Raqamli iqtisodiyotdan xalqaro savdoga yangi yo‘l” mavzusidagi “Rize savdo-iqtisodiyot xalqaro kongressi” hamda sammiti o‘z ishini olib bormoqda. Mazkur xalqaro kongressda Oriental universiteti rektori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nozim Mamataxunov boshchiligidagi universitet delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.

Tashrifning dastlabki kunida Oriental universiteti delegatsiyasi Recep Tayyip Erdoğan universiteti rektori, professor Yusuf Yılmaz bilan uchrashuv o‘tkazib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Sammit doirasida 22 ta mamlakatdan kelgan olim va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda. Dastur doirasida jami 175 ta ma’ruza va 3 ta panel sessiyasi rejalashtirilgan bo‘lib, unda xalqaro spikerlar hamda soha yetakchilari chiqish qilmoqda. Shuningdek, kongress sammitining ochilish marosimida Oriental universiteti rektori Nozim Mamataxunov ham o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi.

Ma’lumot o‘rnida, xalqaro kongressda raqamli iqtisodiyotning xalqaro savdoga taqdim etayotgan yangi imkoniyatlari, Qora dengiz mintaqasining savdodagi strategik o‘rni, shuningdek, global miqyosdagi “Bir kamar – bir yo‘l” loyihasining potentsial iqtisodiy ta’siri atroflicha muhokama etilmoqda.

ORIENTAL MATBUOT XIZMATI