
Oriental universiteti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamkorlik sari yangi bosqichda
Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yoshlarni sportga jalb etish, ularning jismoniy hamda ma’naviy kamolotini ta’minlash bo‘yicha tizimli islohotlar izchil davom etmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan may oyi “Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostida respublika bo‘ylab keng miqyosli sport oyligi sifatida e’lon qilinishi ayni shu yo‘nalishdagi davlat siyosatining amaliy ifodasidir. Mazkur tashabbus doirasida Oriental universitetida ham sport va vatanparvarlik ruhini birlashtirgan yirik tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Avaz Maksumov hamda assotsiatsiyasining ommaviy sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Nuriddin Mahmudov ishtirok etib, universitetimizda sport sohasi xususan, futbol bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosati va istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.






O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Oriental universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv va kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilovchi memorandum imzolandi. Imzolangan memorandum asosida universitet miqyosida futbol, mini-futbol va futzal kabi ommaviy sport yo‘nalishlarini tizimli rivojlantirish, talaba-yoshlarning salomatligini yanada mustahkamlash, ularning jismoniy va ruhiy bardamligini oshirish, eng muhimi ularni ijtimoiy mas’uliyatli va ma’naviy yetuk shaxs sifatida shakllantirish bo‘yicha izchil ishlarga zamin yaratildi.





