Oriental University — Header

“Magistrlik bitiruvi — 2025”

Assalomu alaykum, universitetimizning jonkuyar, ilmga boy va mehridaryo ustozlari, hurmatli mehmonlar hamda aziz magistrlar!

Fursatdan foydalanib, barchangizni “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oya asosida yaqinda nishonlanadigan Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Mustaqil diyorimiz uchun o‘tgan 34 yil tom ma’noda ulkan o‘zgarishlar va rivojlanishlar davri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikka nazar tashlasak, barcha sohalarda dunyo e’tirof etgan yangilanishlar sodir bo‘ldi. Eng quvonarlisi, ta’lim va tarbiyaga berilayotgan ulkan e’tibor natijasida bugungi kunda yurtimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Aynan ta’lim va tarbiya orqali bugungi globallashuv davrida xalqaro maydonda o‘z o‘rnimizni mustahkam egallashimiz, o‘z so‘zimizni baralla ayta olishimiz mumkinligini muhtaram Prezidentimiz ham o‘z nutqlarida bot-bot ta’kidlab kelmoqdalar.

Xususan, Prezidentimizning: “Muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat ta’limda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat ta’lim va tarbiyadir”, – degan so‘zlari bizning bu sohadagi ishlarimizni yanada rivojlantirishga, ta’lim sifatini, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni oshirishga katta turtki bermoqda.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli biz bugun mana shunday marosimda to‘planib, o‘zaro fikr almashmoqdamiz. Ta’limga bo‘lgan e’tibor, nodavlat oliy ta’lim muassasalarini ochish va rivojlantirish borasidagi islohotlar tufayli biz bir jamoaga aylandik. Sizlar ham shu islohotlarning mevasi sifatida yurtimiz osoyishtaligi va ravnaqi uchun mas’uliyatli shaxslarga aylangansizlar, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Mana, to‘rt yildirki, universitetimizda ham yuksalishlar davri kuzatilmoqda. Dastlabki yillarda 10 ga yaqin yo‘nalish doirasida ta’lim jarayonlari olib borilgan bo‘lsa, bugungi kunda yo‘nalishlar soni 30 dan oshdi. Dastlab magistratura bosqichi mavjud emas edi, bugun esa 13 ta ixtisoslik bo‘yicha magistrlar tahsil olmoqdalar. Sizlar ham ana shu islohotlarning natijasi sifatida bugun bizning qarshimizda turibsizlar.

Shuningdek, joriy o‘quv yilidan boshlab 4 ta ixtisoslik bo‘yicha doktorantura bosqichining ochilishi ham yurtimizdagi islohotlar, Prezidentimizning ta’limga, xususan oliy ta’lim tizimiga qaratayotgan alohida e’tiborlarining amaliy samarasidir. Yana bir quvonarli voqealardan biri – shu yilda biz ilk bor bakalavriat bosqichini tamomlagan 500 nafarga yaqin talabamizga davlat namunasidagi diplomlarni topshirdik. Bu biz uchun faxr va g‘urur manbaidir. Shu islohotlar natijasida, mana bugun sizlar ilm yo‘lining yana bir dovonini zabt etish arafasidasiz. Bu natijaning zavqi va quvonchi yuz-ko‘zlaringizda yaqqol aks etib turibdi. Siz bugun nafaqat shaxsiy yutuqqa erishdingiz, balki yurtimiz ziyolilari safidan o‘rin olish, mamlakatimizning tayanch ustunlaridan biri sifatida e’tirof etilish sharafiga muyassar bo‘ldingiz.

Shu fursatdan foydalanib, o‘zimning va universitet jamoasining nomidan sizlarni magistr darajasiga erishganingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ilm yo‘lidagi izlanishlaringizda, shaxsiy rivojlanishingizda barchangizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Sizlar jismonan, ma’nan va aqlan shunday qudratli kuchga ega bo‘lingki, butun dunyo sizlar bilan faxrlansin, sizlarga havas qilsin, sizlarni o‘z qahramonlariga aylantirsin.

Oriental universiteti rektori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nozim Mamataxunov