
ERZINCAN BINALI YILDIRIM UNIVERSITETI BILAN HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI!
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ilmiy rishtalar tobora mustahkamlanib borayotgan hozirgi davrda, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ham ikki qardosh xalqning yaqinlashuviga, ilm-fan sohasidagi yangi yutuqlarga zamin yaratmoqda. Shu ma’noda, Erzincan Binali Yıldırım universiteti hamda Oriental universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi ikki mamlakat o‘rtasidagi akademik diplomatiyaning yana bir muhim bosqichini belgilab berdi. Mazkur memorandum bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida ta’lim jarayonlarini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni kuchaytirish hamda akademik va ma’muriy sohalarda tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida imzolandi.

Memorandumni imzolash marosimida Erzincan Binali Yıldırım universiteti rektori professor Akın Levent va Oriental universiteti rektori Nozim Mamataxunov o‘zaro memorandumga imzo chekdi. Tadbirda, shuningdek, rektor o‘rinbosarlari professor Ercan Ekinci, professor Adem Başıbüyük, professor Çağrı Çırak, universitet bosh kotibi dotsent Cihat Özgenel, Oriental universiteti rektor o‘rinbosari Farrux Xudayberdiyev, EBYÜ xalqaro aloqalar koordinatori doktor Emrah Özbay hamda Oriental universitetining xalqaro aloqalar koordinatori Ikrom Axmedov ishtirok etdilar.


Hamkorlik memorandumi doirasida ikki universitet o‘rtasida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv va innovatsion tashabbuslar sohalarida keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida professor-o‘qituvchilar o‘rtasida ilmiy tajriba almashish, talabalar uchun xalqaro almashinuv dasturlarini amalga oshirish hamda ilmiy loyihalarda qo‘shma ishtirok etish rejalashtirilgan.

Memorandum shartlariga muvofiq xalqaro konferensiyalar, ilmiy seminarlar, panel va simpoziumlar, ilmiy-amaliy uchrashuvlarni birgalikda tashkil etish, yosh olimlar uchun stajirovka va amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Mazkur memorandumning imzolanishi ikki davlatning ta’lim va fan sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib ilmiy diplomatiya, madaniy almashinuv va barqaror taraqqiyot yo‘nalishlarida strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Oriental universiteti bu kabi xalqaro tashabbuslar orqali milliy ta’lim tizimini jahon akademik makoniga integratsiya qilish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish, innovatsion g‘oyalar va ilmiy kashfiyotlar uchun ochiq hamkorlik maydonini yaratishni maqsad qilgan. Ushbu memorandum aynan shu yo‘nalishdagi amaliy qadamlardan biri bo‘lib ikki mamlakat ilmiy salohiyatining birlashgan ramziga aylandi.


ORIENTAL MATBUOT XIZMATI


