Oriental University — Header

ORIENTAL USTOZLARI “EĞİTİCİLERİN EĞİTİMİ” DASTURIDA ISHTIROK ETISHDI

Turkiyaning Karabük universitetida tashkil etilgan “Eğiticilerin Eğitimi” dasturi doirasida Oriental universiteti professor-o‘qituvchilari nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar. Mazkur dastur Karabük universiteti Uzluksiz Ta’lim Markazi (KASEM) hamda Xalqaro aloqalar koordinatori hamkorligida tashkil etildi. Mashg‘ulotlar davomida Oriental universiteti ustozlari zamonaviy oliy ta’lim jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan ilg‘or bilim va ko‘nikmalarni egalladilar. Shuningdek, dastur doirasida Karabük universitetining akademik va ijtimoiy muhiti, kampus hayoti, akademik bo‘limlar faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Dastur yakunida Karabük universitetining Safranbolu kampusida joylashgan tarixiy Tosh binoda sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida tomonlar Turk dunyosi universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, kelgusida qo‘shma akademik loyihalar, ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashinuvlarini rivojlantirish muhimligini alohida ta’kidladilar. Dasturda ishtirok etgan Oriental universiteti vakillari dastur yuqori saviyada tashkil etilganini qayd etib, Karabük Universiteti rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilar jamoasiga samimiy minnatdorlik bildirdilar. Ushbu ta’lim dasturi ikki tomonlama akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Turkiyaning Karabük universitetida tashkil etilgan “Eğiticilerin Eğitimi” dastur davomida oliy ta’lim tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga qaratilgan qator dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, individuallashtirilgan o‘qitish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, virtual va kengaytirilgan reallik ilovalari, innovatsion o‘qitish usullari hamda raqamli transformatsiya strategiyalari bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mashg‘ulotlar jarayonida ishtirokchilar zamonaviy pedagogik yondashuvlar, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish hamda raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etish bo‘yicha muhim bilim va tajribalarni egalladilar. Olingan bilim va ko‘nikmalarni Oriental universiteti ustozlari o‘z amaliyotlariga tatbiq etishlari, ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilgan. Mazkur dastur ikki universitet o‘rtasidagi akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

ORIENTAL Matbuot xizmati