
Aziz va muqaddassan, ayol!
Bugun Oriental universitetida bahor nafasi ila yo‘g‘rilgan bayram shodiyonasi Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan universitetda mehnat faoliyatini yuritib kelayotgan ayol xodimalari va professor-o‘qituvchilar uchun “Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi. Bayram tadbiri avvalida universitet rektori Nozimjon Mamatoxunov samimiy tabrik so‘zlarini bildirar ekan, ayollarning ilm-fan rivojidagi, yosh avlod tarbiyasidagi va universitet yutuqlaridagi beqiyos hissasini alohida ta’kidladi.






“Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol!” shiori ostida tashkil etilgan bayram tadbirida xalqimizning sevimli san’atkorlari o‘zlarining dilbar ijrolari bilan tadbirga alohida joziba, betakror ruh bag‘ishladi. Qiziqarli va hayotiy latifalari bilan mashhur qiziqchilarning chiqishlari esa zalni kulgu va quvonch to‘ldirdi. Har bir tabassum, har bir kulgu sadosi – bayram shodiyonasiga yana-da ko‘rk baxsh etdi.






Tadbir mobaynida universitet rahbariyati tomonidan barcha ayollarga nafis guldastalar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.






Tadbirning eng hayajonli va kutilmagan lahzasi universitet erkaklar jamoasi tomonidan tayyorlangan “Omad loto” o‘yini bo‘ldi. Bayramona kayfiyat va hayajon bilan o‘tkazilgan ushbu o‘yinda tanlab olingan raqamlar orqali g‘oliblar aniqlanib, universitetning maxsus sovg‘alari topshirildi. Bahor faslining ilk kunlarida bu bayram ayollarimiz qalbiga bahor shabadasi kabi kirib bordi, ko‘ngillarida yangi umidlar, orzu-intilishlar uchun ilhom bag‘ishladi.






“Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol” shiori ostidagi bayram tadbiri qalblarga ko‘tarinkilik, ko‘zlarga quvonch, chehralarga tabassum ulashdi. Aslida bizning ayollarimiz shunchaki bayramda emas, har kuni e’zozga loyiqdirlar. Shu bois universitetimizda yil davomida ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini oshirish va ijodiy faolligini rag‘batlantirish bo‘yicha qator loyihalar o‘tkazib kelinadi. Oriental universitetida bo‘lib o‘tgan “Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol!” shiori ostidagi tadbirida nafaqat bayram quvonchini, balki hamkasblar orasidagi hamjihatlik va hurmat o‘z ifodasini topdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.





