Oriental University — Header

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

Oriental universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Marosimda universitet rektori Nozimjon Mamataxunov, institut boshlig‘i Olimjon Ahmedov hamda ikki tomon vakillari ishtirok etishdi.

Memorandumga ko‘ra, tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Xususan, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlari, o‘quv-metodik hamda normativ materiallarni ishlab chiqishda hamkorlik amalga oshiriladi. Shuningdek, jamiyatdagi dolzarb ijtimoiy muammolarni o‘rganish, tahlil qilish va hal etish maqsadida ilmiy-psixologik tadqiqotlar o‘tkazish hamda samarali metodlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan. O‘quv jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, masofaviy ta’lim hamda interfaol va muammoli-vaziyatli uslublarni qo‘llash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, huquqbuzarliklar profilaktikasining dolzarb muammolari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarini amalga oshirish masalalarida hamkorlik qilinadi.

Shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish, yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash yuzasidan ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida kadrlarning malakasini oshirish hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Bundan tashqari, shaxs psixologiyasi bilan bog‘liq maxsus va tizimli muammolar bo‘yicha amaliy psixologik tadqiqotlar o‘tkazish, seminar-treninglar tashkil etish va ularning yechimiga doir takliflarni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Normativ-huquqiy, metodik va tahliliy ma’lumotlar almashinuvi, o‘quv jarayoniga malakali mutaxassislarni jalb qilish, professor-o‘qituvchilarning stajirovkalarini tashkil etish hamkorlik doirasida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, o‘quv jarayonining sifatini oshirish bo‘yicha tajriba almashish va innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

ORIENTAL Matbuot xizmati