Oriental University — Header

Oriental universiteti global ta’lim maydonida yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda!

Bugun Oriental universiteti nufuzli xalqaro tashkilot — AQShdagi ta’limiy test tizimlarini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi Educational Testing Service (ETS) vakillarini qabul qildi. Tashrif doirasida ETSning Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika (EMEA) mintaqasi doirasida Yevrosiyo va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Anna Gutkovska hamda tashkilotning Markaziy Osiyodagi vakili Sholpan Yergaliyeva universitetimizda mehmon bo‘ldi.

Anna Gutkovska xalqaro miqyosdagi ta’limiy tashabbuslar va hamkorliklarni muvofiqlashtirib, talabalar va mutaxassislarni global baholash tizimlari, jumladan TOEFL va GRE kabi testlar orqali muvaffaqiyat sari yetaklaydi. U mintaqada ta’lim sifatini oshirish, imkoniyatlarni kengaytirish va xalqaro standartlarga mos keladigan baholash tizimlarini tatbiq etish ustida faol ishlaydi. Sholpan Yergaliyeva esa butun Markaziy Osiyo miqyosida ta’limni modernizatsiya qilish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va xalqaro hamkorliklarni kengaytirish bo‘yicha yetakchi mutaxassis sifatida tanilgan.

Tashrif doirasida Oriental universiteti va Educational Testing Service (ETS) o‘rtasida rasmiy hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum ikki tomonlama ilmiy, ta’limiy va texnik hamkorlikni mustahkamlash, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda xalqaro baholash tizimlarini tatbiq etishni ko‘zda tutadi. Tadbir yakunida mehmonlarga universitet faoliyati, xalqaro dasturlar, ilmiy loyihalar va talabalar yutuqlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Bu tashrif Oriental universitetining xalqaro miqyosdagi hamkorliklarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Aytish muhumki, biz global ta’lim maydonida yangi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz!